Uchkoʻprik shevasiga xos soʻzlardan
❇️ Boʻriq – makka yoki joʻxori poyasining mol-qoʻy yeganidan soʻng qolgan bargsiz qismi.
Yoz kunlari tandirni boʻriq yoqib ham oqartirish mumkin.
❇️ Dimiqtirmoq – boshini suvga tiqib, suv yuttirmoq, shu yoʻl bilan qiynamoq.
Aka, anavini qarang, dimiqtiraman deyapti.
❇️ Yemgish – til-jagʻli, oʻzining gapini maʼqullab turaveradigan odam.
E-e, gʻirt yemgish ekansiz-ku! Koʻrganni eshitgan yengibdi, deb shuni aytishsa kerak-da!
❇️ Jippangʻ – toʻla, labigacha toʻldirilgan, toʻkilay-toʻkilay deb turgan.
Paqirni jippangʻ qilib qoʻygan ekansan, choʻmich solgan edim, suvi toʻkildi.
❇️ Kesmaldak – bargsiz, quruq tut novdasi.
Kesmaldaklarni bostirmaning tomiga bosib qoʻydik.
❇️ Lashim – yirik-mayda aralash, yoppasiga.
Limonni lashim oʻn ming soʻmdan sotdik.
❇️ Katta – boboga shunday murojaat qilinadi. “Katta ota” iborasining qisqartmasi boʻlsa kerak. Biroq bu soʻz hozir isteʼmoldan chiqib ketyapti. Uning oʻrniga “opoqi”, “opoqdada”, “bobo” soʻzlari ishlatilyapti.
Kattam bir umr dehqonchilik qilib oʻtgan.
❇️ Nushqut – nishxurd, yem-xashak, oʻt qoldigʻi.
Yangiqoʻrgʻondan olib kelgan qoʻyim juda yaxshi chiqdi, umuman nushqut chiqarmaydi.
❇️ Ozitqi – adashtirib, yoʻldan ozdiruvchi maxluq, ajina.
“Bemahalda yurma, ozitqi ozdirib ketadi”, deb tayinladi enam.
❇️ Otaqari – kattalarning gapiga aralashib, aql beradigan bolaga nisbatan ishlatiladi.
“Tushunmagan narsangga otaqarilik qilma, bolam”, – dedi enam.
❇️ Palgʻari – uzum navdasini yerga koʻmib, boshqa joyga oʻtqazish. Yerga koʻmilgan qism kelajakda tomirga aylanadi va tok kuchli oziqlanadi.
Bugun oʻn tup uzumni palgʻari qildim.
❇️ Poldir – dovdir, qoʻpol harakat bilan yon-atrofidagi narsalarni agʻdar-toʻntar qilib yuradigan odamga nisbatan ishlatiladi.
Buncha poldiraysan? Sendaqa poldirni koʻrmaganman, bir chekkada turgan obdastani agʻdarib ketganingni qara!
❇️ Polpis – kir-chir, oʻziga eʼtiborsiz yuradigan odam.
Polpisga oʻxshaysan-a! Kiygan kiyiming – bir ahvol, yagʻiri chiqib yotibdi!
❇️ Poʻnka – qargʻani shu nom bilan ham atashadi.
Hozir poʻnkalar yozda ham uchib ketmayapti.
❇️ Sumalanmoq – lapashanglik, lanjlik qilmoq. Menimcha, bu soʻz “sumalak” soʻzi bilan oʻzakdosh. Sumalak juda sekin pishadi, suyuq boʻladi. Odatda, lavangtabiat odamlar atalaga ham oʻxshatiladi.
Buncha sumalanasan, tezroq yursang-chi!
❇️ Soʻltamat – biror ishni eplamay, doim boʻshashib yuradigan odam.
Soʻltamat boʻlma, qadamingdan oʻt chaqnasin, oʻt!
❇️ Uchelish – “T” shaklidagi uch yoʻl tutashmasi, bir tomoni berk chorraha.
Uchelishda oʻrtogʻim Umidjonni koʻrib qoldim.
❇️ Qapishtirmoq – futbol oʻyinida toʻpni raqibga qarata qattiq zarb bilan yoʻnaltirmoq. Koʻpincha katta yoshlilar kichiklarni qapishtirib, qoʻrqitadi. Shu orqali oson aldab oʻtib, gol urishga harakat qiladi.
“Jonli devorga turmayman, qapishtiradi”, dedi u akasiga.
❇️ Qiyratmoq – shoʻxlik qilib qiynamoq.
Gulchehraning oʻgʻli juda shoʻx boʻlibdi, onasini kuni boʻyi qiyratadi.
❇️ Gʻijirqum – ariq ostida yigʻilib qoladigan mayda qum. Bu soʻz oʻrnida “shilqum” soʻzi ham ishlatiladi.
Sotib olsang, ortib qoladi. Bu yerni suvagani Qilovlidan gʻijirqum olib kelsang ham yetadi.
❇️ Hoʻpitmoq – choʻmilmoq.
Bugun Mingbuloqqa hoʻpitgani boramiz.
“Yoshlik” jurnalida chop etilgan.
👉 Bu soʻzlar oʻrnida sizning shevangizda qanday soʻzlar ishlatiladi? Izohlarda qoldiring.
@oriftolib
>>Click here to continue<<