TG Telegram Group Link
Channel: N.E.G.A
Back to Bottom
Qadimgi odamlar o'rtacha 20-30 yil umr ko'rishgani rostmi?

Yaqin-yaqin vaqtlargacha, aniqrogʻi sanoat inqilobi boshlanguniga qadar, dunyo aholisining o'rtacha hayot davomiyligi 33 yosh bo'lgan. AMMO, bu yerda "o'rtacha hayot davomiyligi" atamasini, voyaga yetgan kishining o'rta hisobda necha yil umr ko'rishi bilan adashtirmaslik kerak. Birinchisi, oddiy demografik statistika bo'lsa, ikkinchisi insonning biologik tur sifatidagi haqiqiy biologik xususiyati. Insoniyat tarixining asosiy qismi davomida o'rtacha hayot davomiyligi 20-30 yosh bo'lgan bo'lsada, deyarli barcha zamonlarda odamlarning 60-70 yil umr kechirishi normal holat boʻlgan. 35 yoshdagi o'lim o'sha davrlarda ham erta vafot sanalgan. Tarixiy shaxslar hayotiga e'tibor bersangiz, juda yosh vafot etgan shaxslarni har doim ham uchratavermaysiz.

Unda nima uchun qadimda o'rtacha hayot davomiyligi (O'HD) juda past bo'lgan?
Asosiy sabab chaqaloqlar o'limi keng tarqalgan boʻlganida.
O'HDni hisoblash uchun aholi orasidagi barcha vafot etganlarning yoshini qo'shib, yig'indini vafot etganlar soniga bo'lish kerak. Bu yerda 60 yoshda o'lgan ham 1 yoshda o'lgan ham birgalikda hisoblanadi. Masalan: (65 + 65 + 65 + 1) / 4 = 49. Ko'rib turganingizdek 4 ta odamdan 3 tasi 65 yoshida olamdan oʻtganiga qaramasdan, bir dona chaqaloqning o'limi bu statistikani 49 yoshgacha tushirib qo'ymoqda. Xuddi shunday holat ajdodlarimiz bilan ham ro'y bergan. Ilm-fan va tibbiyot rivojlangani sari chaqaloqlar o'limi kamayib, dunyo aholisining o'rtacha hayot davomiyligi hozir 72.6 yoshgacha ko'tarilgan.

" Odamlarning hayot sharoiti yaxshilanib, ular endi 30 yil emas 60-70 yil umr ko'rayapti " degan fikr xato sanaladi. Voyaga yetgan odamning biologik tur sifatidagi umr uzunligi ko'tarildimi degan savolga esa turlicha qarashlar bor. Ammo, katta ehtimol bilan nisbatan yaxshi yashash sharoitlari odamzot umrini hali +40 yil darajada uzaytirib berganicha yo'q.

Statistika ba'zida aldoqchi bo'ladi unga ko'p ham ishonavermang!

Qiziqarli ilm-fan faqat👇
@nega_unday
This media is not supported in your browser
VIEW IN TELEGRAM
Meteorid, meteor va meteorit orasidagi farq haqida qisqacha.

Meteorid — koinotda uchib yuruvchi, diametri 1 (ba'zi manbaalarda 10-30) metrdan katta boʻlmagan tosh yoki metall bo'lagi. Asosan asteroid yoki kometalardan ajralib chiqqan mayda boʻlaklardan hosil boʻladi.

Meteor — "Uchar yulduz", ba'zan bolid deb ham nomlanadi. Yerga qulayotgan meteoridning atmosferada qoldirgan yorqin izi.

Meteorit — Yer (yoki boshqa sayyoralar) sirtiga kelib urilgan samoviy jism. (Aynan meteorid bo'lishi shart emas, sirtga urilgan asteroid va kometalarga ham shu so'z qo'llaniladi)

Nutqda va yozuvda asosan meteoriD va meteoriT so'zlari adashtirib yuborladi. Ammo, aslida ular orasida yetarlicha farq bor.

Qiziqarli ilm-fan faqat👇
@nega_unday
Forwarded from N.E.G.A
Nega yangi yil aynan 1-yanvarda keladi?

Yangi yil bayrami insonlar azaldan nishonlab kelgan eng qadimiy bayramlardan bo'lgan. Faqat barcha xalqlarda bu bayram turli sanalarda nishonlangan va asosan mavsumiy tabiat hodisalariga bogʻliq boʻlgan ( bahorgi tengkunlik, bahorning boshlanishi, kuzgi tengkunlik, Nil daryosining suvi kamayishi va hk.)

1-yanvar sanasida yangi yilni nishonlashni esa birinchi marta Yuliy Sezar joriy qilgan. Bu hodisa m.a 46 yilda ( ya'ni paygʻambar Iso Masih tugʻilishidan naq 46 yil oldin ) ro'y bergan! Sezar buyrugʻi asosida yaratilgan yangi taqvimda, yil aynan shu kundan boshlanar edi. Lekin, nega aynan shu sana tanlangan?

Rim qonunlari boʻyicha 1-yanvardan boshlab, yangi saylangan konsullar(deputatlar) ishga kirishishlari mumkin edi. Yuliy Sezar ham aynan shu sanani yil boshi deb tanlagan.

Keyinchalik o'rta asrlarda Yuliy taqvimi butun Yevropa boʻylab ommalashib ketadi. Shuningdek bu urf Rossiya Imperiyasini ham chetlab o'tmadi. 1699-yilda imperator Pyotr I yangi yilni 1-yanvar sanasida nishonlashga buyruq beradi.
Bu esa keyinchalik Turkiston oʻlkasidagi xalqlar orasida ham yangi yilni bahorda emas, 1- yanvar sanasida nishonlanishiga olib kelgan.

Har kuni bundanda hayratlanarli ma'lumotlar faqat👇
https://hottg.com/nega_unday
#psevdofakt

Rasmga berilgan naqadar ibratli va ta'sirli ta'rif. Ammo, afsuski bu haqiqat emas.

Aslida suratdagi bo'rilar Kanadada yashovchi, bizonlarni o'vlaydigan bo'rilar bo'lib, o'zidan ancha katta o'ljaga hujum qilganliklari uchun shunday katta to'da hosil qilishadi. Ularning suratdagi joylashuvida aslida hech qanday oldindan belgilab olingan tartib mavjud emas. Qor kechib yurish oson boʻlishi uchungina ular izma-iz yurishadi. Eng boshidagilar esa orqadagilarga yo'l ochib ketishligi kerak. Tabiiyki, eng katta kuch yoqotadiganlar ham aynan ular bo'lishadi. Qari va nimjonlar bu vazifaga shunchaki bardosh berisholmasdi.
Eng so'ngida ketayotgan bo'ri ham nima sababdan ortda qolib ketgani nomaʼlum (balki, hojatga borib kelgandir😁). Ammo u to'da sardori emasligi aniq.

Ma'lumot uchun, bo'rilarda to'da sardori urgʻochi bo'ladi. Bo'rilarda haqiqatdan ham to'da juda yaxshi shakllanadi. Ular butun umrga juft hosil qilishadi va topilgan yegulikni qarilar va bola bo'rilar bilan bo'lishishadi.

@nega_unday 🐺
Oʻldirilgan bobo paradoksi

Faraz qiling, siz vaqt mashinasi yasadingiz va o'tmishga sayohat qilib, hali uylanmagan biologik bobongizni ataylab yoki bexosdan oʻldirdingiz. Shunda nima sodir bo'ladi?
Bobongiz otangizni dunyoga keltirmagani uchun siz ham borliq tarixidan oʻchib ketasizmi?
Hop, siz hech qachon tug'ilmadingiz deylik, unda bobongizni kim o'ldirgan?
Paradoks!

Oʻldirilgan bobo paradoksi o'tmishga sayohatning eng chalkash muammolaridan sanaladi. Bu paradoks faqat ajdodlarimizni yoki o'zimizning yoshroq variantimizni o'ldirishda kuzatilmaydi. Oʻtmishga sayohatning har bir harakati yangi paradoksni keltirib chiqaradi. Kapalak effektini (ya'ni, hatto kichik o'zgarishlar ham kelajakda aql bovar qilmas farqni yuzaga keltirishi mumkinligini) yodga oling. O'tmishni hech qanaqasiga o'zgartirib bo'lmaslik, aynan shu paradoks orqali tushuntiriladi.

Oʻldirilgan bobo paradoksini yechish uchun quyidagi asosiy farazlar taqdim etilgan:

1) oʻtmishni hech qanaqasiga o'zgartirib bo'lmaydi.
Ya'ni, shu kungacha kimdir nimadir qilgan boʻlsa, u aynan o'sha vaqtda, o'sha ishni qilishi kerak edi. Agar siz hozir mavjud boʻlsangiz, demak siz umringiz davomida hech qachon o'tmishga qaytib bobongizni oʻldirmaysiz. Bunga hech qachon imkoniyatingiz bo'lmaydi, qo'lingiz bormaydi, yoki nimadir halaqit beradi. Mabodo, bir kun kelib, kimdir vaqt mashinasi yasab, o'tmishni o'zgartirsa ham, demak har doim shunday bo'lishi kerak edi. O'sha vaqtda kimdir kelajakdan kelib, voqealarga aralashishi talab qilingan. Filmlar: Vaqt mashinasi (2002-yil), Interstellar, TeneT (2020-yil).

2) O'tmishga sayohat aslida parallel olamga sayohat. Ya'ni siz o'tmishga qaytib yosh bobongizni o'ldirsangiz, buni sizga va tarixingizga hech qanday taʼsiri bo'lmaydi. Chunki, qotillik boshqa olamda amalga oshirilgan, siz oldirgan odam sizning biologik bobongiz emas, u shunchaki bobongizni boshqa olamdagi qiyofadoshi. Bu nazariyada ham siz alida o'z o'tmishingizni o'zgartira olmaysiz. Faqatgina parallel olamni hosil qilish mumkin, ammo sizning (original) olamingizda baribir hech narsa o'zgarmaydi. Filmlar: Qasoskorlar: Intiho (2019-yil)

Xullas, har qancha urinmang haqiqatda siz o'tmishni o'zgartira olmaysiz. Siz faqat kelajakni o'zgartirishingiz mumkin. Bu ishni esa faqat hozir qilish mumkin. Ammo, xohlaysizmi yo'qmi, ayni vaqt siz shundoq ham kelajakni o'zgartirish bilan mashg'ulsiz.
¯\_(ツ)_/¯

Qiziqarli ilm-fan faqat👇
@nega_unday
Bir qancha vaqt oldin "Agar chaqaloq Gitlerni o'ldirish imkoni bo'lganida, siz bu ishni qilarmidingiz?" degan sorovnoma kanalga joylanganida, koʻpchilik "Yo'q" javobini tanlagan edi. O'ldirilgan bobo paradoksini hisobga olsak, ular juda toʻgʻri qaror qabul qilishgan.
Tabriklayman siz bekordan-bekorga bir begunoh bolakayni qotili bo'lishdan o'zingizni asrab qoldingiz). Qanday qilib deysizmi?

Agar siz o'tmishga qaytib, Gitlerni II jahon urushi boshlanmasidan oldin o'ldirganingizda:
85 mln odam tirik qolardi → ular yana bundanda ko'proq nasl qoldirishardi → dunyo Adolf Gitler haqida hech narsa eshitmasdi → tarix kitoblarga uning nomi yozilmasdi → siz hech qachon Adolf Gitler kim ekanligini bilmas edingiz → vaqt mashinasi qurilganida esa, o'tmishga qaytib Adolf ismli qandaydir nemis bolakayini yo'q qilish fikri sizda hech qachon uygʻonmasdi. Unda kim kelajakdan kelib Gitlerni o'ldirgan? Paradoks? Paradoks!

Gitler paradoksi ko'pincha o'ldirilgan bobo paradoksiga yana bir misol sifatida keladi.

Qiziqarli ilm-fan👇
@nega_unday
Uygʻoq tushlar | Qanday qilib tushni videooʻyinga aylatirish mumkin?

Uygʻoq tushlar (Lucid dreams, осознанные сны) bu miyaning tush va uygʻoqlik orasidagi muayyan holati boʻlib, unda tush koʻrayotgan vaqtingizni oʻzida atrofdagi barcha hodisalar aslida tush ekanligini anglab yetasiz. Uxlab yotgan boʻlishingizga qaramay, fikrash qobiliyati uygʻoq holdagidan deyarli farq qilmaydi va siz tanangiz aslida qayerdadir uxlab yotganini juda yaxshi bilib turasiz. Bu sizga tushingizdagi hodisalarni boshqara olish imkonini beradi, huddi videooʻyinlardagidek, yoki 2010-yilgi "Muqaddima" filmi kabi. Tajribali "tush koʻruvchilar" bu holatni eng yaxshi virtual reallikdan ham yaxshiroq deb ta'kidlashadi.

Statistikaga koʻra aholining 55% ida umrida bir marta boʻlsada, tush koʻrayotgan vaqtida ongi "uygʻongan". 23% odamlar uygʻoq tushlarni tez-tez koʻrib turadi va ularning koʻp qismi ayollarni tashkil etadi. Miyaning bu xususiyati hali toʻliq oʻrganilmagan boʻlib, «uygʻoq tushlar bizga nima uchun kerak?», «bu o'zi miyamizdagi xatolikmi yoki foydali xususiyatmi?» degan savollarga hozircha aniq javoblar yoʻq. Ammo shunisi ma'lumki, yetarlicha harakat qilib, maxsus texnikalar orqali, istalgan odam doimiy ravishda uygʻoq tushlar koʻrishni oʻrganib olishi mumkin.

Sizda ham shunday tushlar boʻlgan boʻlsa, izohlarda yozib qoldiring!

@nega_unday
N.E.G.A
​Uygʻoq tushlar | Qanday qilib tushni videooʻyinga aylatirish mumkin? Uygʻoq tushlar (Lucid dreams, осознанные сны) bu miyaning tush va uygʻoqlik orasidagi muayyan holati boʻlib, unda tush koʻrayotgan vaqtingizni oʻzida atrofdagi barcha hodisalar aslida…
Eng qizigʻi uygʻoq tushlar, 60-70-yillargacha ezoterik amaliyotlardan biri deb hisoblangan. Ya'ni fol ochish, vafot etganlar bilan aloqaga chiqish, tanadan ajralib, ruhingiz orqali tashqi dunyoga ta'sir o'tkazish kabi ilm-fan rad etadigan mashgʻulotlar sirasiga kirgan. 60-yillardagi tadqiqotlar natijasida esa, uygʻoq tushlar haqiqatdan ham bor narsa ekanligi isbotlandi.

Bu tajribada, uyqudagi odamlar o'z tushlaridan tashqi dunyoga, ongli ravishda, biror "signal" yuborishlari kerak edi. Uxlayotgan inson ko'zlari harakati tushdagi ko'z harakatlari bilan mos kelgani uchun, olimlar "signal" tariqasida oldindan kelishib olingan ko'z imo-ishoralarini ishlatishdi. Uyqudagilar uygʻoq tush koʻrishayotgan paytda ongli ravishda ana shu imo-ishoralarini qaytarishdi, ularni tashqaridan kuzatuvchilar esa buni tasdiqlashdi. Shu va shu kabi boshqa koʻplab tadqiqotlar bir necha yillar oldin psevdoilmiy sanalgan fenomenning aslida ilmiy asoslari boʻlishi mumkinligini koʻrsatib berdi.

Menimcha uygʻoq tushlar, haqiqat har doim qayerdadir oʻrtada boʻlishini koʻrsatib beruvchi ajoyib misol.
Ba'zida eng absurd fikrlarning ham qayeridir haqiqatga yaqin boʻlishi mumkin. Ilm-fan ham doimo bir joyda turmaydi, doimo yangilanib, xatolarini toʻgʻirlab boradi. Shuning uchun, bahslarda biror kim hozirgi ilm-fanga zid fikrlar aytsa uning ustidan kulishga, yerga urishga shoshilmang. Uygʻoq tushlar haqidagi 50 yil oldingi bahslarda, bu amaliyotni gʻirt safsataga chiqargan odamlarni yodga oling)

@nega_unday
Kinofilmlarda kosmik kemalarni asteroidlar orasidan mohirona tarzda olib oʻtadigan "Shumaxerlar" esingizdami?

Xullas, ular sizni aldashadi.
Koinot bizning tasavvurimizdagidan aaancha katta, va u yerda asteroidlar uchun joy qalashib yotibdi. Masalan, Yupiter va Mars orasidagi asteroidlar belbog'ini olaylik. Hisob-kitoblarga koʻra u yerda taxminan 800 trillionta asteroid bor. Koʻp-a?

Ammo, ularning deyarli 99.9%i kattaligi 1-2 metr atrofidagi xarsangtoshlar. Yana, ular egallagan hajm ham juda katta. Asteroidlar belbog'i kengligi Yer va Quyosh orasidagi masofa bilan deyarli bir xil (150 mln km). Uning qalinligi ham deyarli shunday. Biroz matematika ishlatib, asteroidlar belbog'i egallagan hudud hajmi 1 trillionta trillion km³ ekanligi bilib olamiz (1 va 24 ta nol). Bu degani "havfli" belbog'dagi har bitta xarsangtosh uchun milliardlab kilometr kub bo'sh joy yotibdi. Agar ularning barchasini bir tekislikda yotibdi deb olsak ham, har bitta Andijon viloyatiga teng keladigan hududda siz atiga 1-2 ta asteroidga duch kelasiz.

Xullas, kosmik kemani asteroidga tasodifan urib olish, lotereyada yutishdek gap. Endi mazza qilib fantastika koʻraveringlar)
@nega_unday
Millionlab yillardan keyin bizning sivilizatsiyamizdan faqat mana shunday shisha disklar meros boʻlib qolishi mumkin.

Tangadek hajmga ega boʻlishiga qaramasdan u oʻziga 360 TB ma'lumot sigʻdira oladi (1 TB=1024 gigabayt! ). Eng asosiysi kelajakda bu diskni topib olgan odamlar yoki boshqa ongli mavjudotlar uchun hech qanday elektr yoki internet kerak boʻlmaydi, hech boʻlmaganda 19-asr darajasidagi mikroskop boʻlsa kifoya.
Sodda qilib aytganda bu disklarni, shisha ichiga yozilgan mikroskopik kitob sahifalari desa boʻladi. Maslan, rasmdagi tanganing xira, yapaloq qismiga butun boshli kitob sig'dirilgan.

Bu disklar radiatsiyaga ham, ekstremal haroratlarga ham oʻta chidamli. Yaxshi sharoitlarda ular 10-12 MILLIARD yilgacha saqlanishi mumkin.
Bu disklarni boshqa sayyoralarga va asteroidlarga olib borib saqlab qoʻyish koʻzda tutilgan.

Hozirning oʻzida, shunday disklarning bir nechtasi Oy yuziga olib chiqilgan. Ularning orasida ingliz Wikipediasining toʻliq varianti ham bor.

Qiziqarli ilm-fan faqat👇
@nega_unday
King Kong va Godzilla jangida kim gʻolib boʻladi? ( Javob: Fizika!)

Hali Galileo Galiley zamonlarda aniqlangan, kvadrat-kub qonuniga binoan: biror jismning oʻlchamlari proporsional ravishda kattalashtirilsa, jismning yuzasi uning kvadratiga; hajmi esa uning kubiga kattalashadi. Masalan, 90 kg 2 metrlik odamni olib 4 metr qilib qo'ysangiz, uning yuzasi 4 barobarga, massasi esa 8 barobarga (720 kg!) kattalashadi.

Shu qonuniyat hisobiga, hayvonlar kattalashgani sari, ularning tana massasi muskullar kuchidan ancha ilgarilab ketadi. Natijada, harakatlanish u yoqda tursin, yurak va opkalar ham o'z vazifalarini uddalay olishmaydi.

Xullas, osmonoʻpar binolardek keladigan, 90 ming tonnalik maymunlar va kaltakesaklar haqiqiy hayotda, tanalarini yerdan koʻtara olmay, havo yetishmasligidan boshlari aylanib, oxir oqibat ochlikdan aniq oʻlib ketishardi.

Qiziqarli ilm-fan faqat👇
@nega_unday
Kvadrat-kub qonuni haqidagi postdan keyin, «unday boʻlsa, dinozavrlar qanday yashagan?» kabi savollar koʻp berildi.

Hozircha aniqlangan eng yirik, quruqlikda yashovchi, dinozavrlar massasi 90 tonna, balandligi esa 9 qavatli bino balandligidan oshmagan deb hisoblanadi. Fantastik filmlardagi osmonoʻpar binolardek keladigan bahaybat maxluqlar massasi esa, oʻsha binolar massasi bilan deyarli teng. Ya'ni 50 ming-100 ming tonna. Farqni sezyapsizmi?! 90 qayerdayu, 50 000 qayerda. (Rasmda yanada yaqqolroq koʻrish mumkin👇)

Eng yirik dinozavrlarga e'tibor bergan boʻlsangiz, ularning dum va boʻyin qismlari juda uzun boʻlib, asosiy tana qismi hozirgi fillardan 3-4 marta katta boʻlgan halos. Bu ularga juda ogʻir boʻlib ketmasdan ham ancha baland boʻlib olish imkonini bergan.

Olimlar kvadrat-kub qonuni, harakatlanish erkinligi, ozuqa kabi bir necha faktorlarni oʻrganib, quruqlikda yashovchi maksimal katta jonzot 100-1000 tonna oraligʻidan osha olmasligini taxmin qilishgan.
Suvda yashovchi jonzotlarda bu son bundan ancha kattaroq. Ammo bu haqida keyingi safar gaplashamiz.

Qiziqarli ilm-fan faqat👇
@nega_unday
#shunchaki

"muskul" soʻzi lotincha "sichqon" soʻzidan kelib chiqganini bilarmidingiz?

Qadimda odamlar nima uchundir ba'zi mushaklarni (ayniqsa ikki boshli yelka mushagini ya'ni bitsepsni) sichqonchaga oʻxshatishgan. Musculus lotinchadagi mus (sichqon) soʻzining kichraytirma shakli boʻlib, "sichqoncha" degan maʼnoni anglatadi. Koʻpgina yevropa tillaridagi mushak soʻzi aynan shu soʻzdan kelib chiqgan.

Qizigʻi, o'zimizdagi "mushak" soʻzi ham forscha "siqchoncha" soʻzidan kelib chiqgan ekan.

Endi kompyuterim siqchonchasiga boshqacha qaray boshlayapman)

Qiziqarli ilm-fan faqat👇
@nega_unday
Tanishing, Henrietta Lacks! Oddiy uy bekasi, 5 bolaning onasi va shunchaki yaxshi inson. 1951-yilda, bachadon saratonidan vafot etgan. Shunga qaramay, bu ayolning ba'zi hujayralari hali ham yashashda davom etmoqda! Yashash ham gapmi, uning tirik hujayralarini hozir dunyoning deyarli barcha mamlakatlari shu jumladan koinotda ham uchratish mumkin. Lekin, qanday qilib? 😳
Henrietta Lacks'ning umrboqiy hujayralari

1951-yilda, Henrietta Lacks shifokor koʻrigidan oʻtganida, uning bachadonidagi oʻsimtadan naʼmuna olinib, laboratoriya tahlili oʻtkaziladi. Odatda odam hujayralarini (hatto ular saraton hujayralari boʻlsa ham) organizmdan tashqarida oʻstirib, koʻpaytirish juda qiyin ish. Hujayralar uzogʻi 40-60-marta boʻlinib keyin nobud boʻladi. Bu ayoldan olingan naʼmuna esa nisbatan noqulay sharoitlarda ham juda tez va cheksiz bo'linishi bilan olimlarni eʼtiborini toʻrtadi. Hujayralar tez orada biologlar jamiyatida mashhurlikga erishib, turli tadqiqotlar boshlab yuboriladi. Naʼmunaga esa HeLa — „umrboqiy“ hujayra chizigʻi deb nom beriladi („HeLa“ bu ayol ismining bosh harflari). Mana 70-yildirki hujayralar hali ham boʻlinishda davom etib kelmoqda. HeLa hujayra chizigʻi (avlodi) biologiyaning genetika, virusologiya, onkologiya, immunologiya kabi yoʻnalishlarida tub burilish yasadi. Xususan, inson xromosomalari soni 46 ta ekanligini aniqlashda, gen tahrirlash sohasi rivojlanishi, odam papilloma virusi va poliomelit kabi jiddiy kasalliklarga qarshi vaksina ishlab chiqishda muhim rol oʻynagan va o'ynab kelmoqda. Hozirda, dunyoning qaysi laboratoriyasida bo'lmasin, inson hujayralari ustidagi deyarli barcha tadqiqotlarda qachonlardir Henrietta Lacksdan ajratib olingan oʻsha hujayralar ishlatiladi. Bu allaqachon standartga aylanib ulgurgan.

Qizigʻi, Henriettaning hujayralari ustida yuzlab olimlar oʻz tadqiqotlarini oʻtkazayotganini ayolning oʻzi ham, uning oila aʼzolari ham bilishmagan. Bu oʻsha davrlar uchun normal holat boʻlgan, ayniqsa beʼmor qoratanli boʻlsa. HeLa hujayralarining asl egasi haqida maʼlumotlar faqat 70-yillarga kelib oshkor qilingan va bu qator noroziliklarga sabab boʻlgan.

Ana shunaqa. Baʼzida deyarli hech qanday taʼlim olmagan uy bekasi ham, oʻzi bexabar holda, ilm-fandagi eng mashhur insonlardan biriga aylanishi hech gap emas ekan.
@nega_unday
Odamning boʻyi faqat genlarga bogʻliqmi?

Tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, odam boʻyining taxminan 80% ini genlar belgilab berar ekan. Qolgani esa gormonlar, jins, ovqatlanish ratsioni, moddiy sharoiti, atrof muhit, tibbiyot sifati kabi oʻnlab faktorlar zimmasida ekan. Boshqacha aytganda genlar oʻzini toʻliqligicha namayon qilishi uchun siz yaxshi sharoitlarda yashashingiz kerak, aks holda „qaddi baland“ genlar bilan ham boʻyingiz past boʻlib qolishi mumkin.
Statistikaga nazar solsak, odatda davlatlarning rivojlangalik darajasi qancha katta boʻlsa, aholisining oʻrtacha boʻyi shuncha balandroq boʻladi. Ha, tan olish qanchalik qiyin boʻlmasin, bu yerda ham barchasi yana moddiy sharoitga taqalmoqda.

Misol uchun, ilgari yevropalik sayyohlarning belidan kelgan koreyaliklar boʻyi, oʻtgan yuz yil ichida oʻrtacha 15-20 sm ga oʻsgan. Bu ularning ovqat ratsionida oʻsimlik (guruch) kamayib, hayvon mahsulotlari yaʼni goʻsht isteʼmoli koʻpaygani bilan tushuntiriladi. Yaʼni Koreya rivojlangani sari, aksariyat aholining goʻsht va shu kabi yuqori quvvatli yeguliklarni sotib olishga qurbi yeta boshladi. Qizigʻi, Koreya ikkiga boʻlinganidan keyin, 70 yil ichida, kamroq rivojlangan Shimoliy Koreya aholisi boʻyi, janubliklardan 3-8 sm ortda qolib ketgan. (Kim oilasi diktaturasiga alangali salomlar!)

Pastdagi videoda, yaqin 100 yil ichida turli davlatlar aholisining oʻrtacha boʻyi qanday oʻzgarganini yaqqol koʻrish mumkin. Umuman olganda, bir asr ichida yashash sharoitlari yaxshilashib, oziq-ovqat arzonlashgani sababli, odamlar oʻrtacha boʻyida keskin oʻsish kuzatildi.

Ha, bir qarashda tashqi sharoitlarga bogʻliq boʻlgan bu 20% yoki ±3-4 sm koʻp narsani hal qilmaydigandek tuyuladi. Ammo, avloddan-avlodga oʻtganda bu 3-4 sm lar „yigʻilib“ sezilarli oʻzgarishlarni hosil qilishi mumkin.

@nega_unday
#boshqa_rakurs

Dunyodagi eng baland osmonoʻpar bino — Burj Xalifa va Oʻzbekistondagi eng baland bino — Nest One yonma-yon joylashganida.

Agar 828 metr balandlikka ega ushbu bino Tashkent City hududlarida qurilganida, Alisher Navoiy nomidagi milliy kutubxonasi taraflardan taxminan shunday manzarani kuzatishimiz mumkin boʻlardi.

@nega_unday
HTML Embed Code:
2024/04/24 11:44:59
Back to Top