TG Telegram Group Link
Channel: Jalilov. Qaydlar
Back to Bottom
Yuqoridagi postga vazirlik rasmiylari qoldirgan izohlarni va vazirlik qabul qilayotgan qarorlarni bir tizimga ulab, mantiq topishga harakat qilyapman, lekin mantiq topa olmayapman.

Birinchidan.

"Нима ўқитувчи дегани энди В2 даражадаям билмасинми?" Bu yildan boshlab chet tili oʻqituvchisini ishga qabul qilayotganda B2 sertifikati majburiy qilindi shekilli? Yaʼni, oʻqituvchini ishga qabul qilishdan oldin tilni kamida B2 darajada bilishi tekshirib olinyapti.

Bir narsa. Agar oʻqituvchi metodikani bilmasa, u tilni B2 darajada emas, C1 yoki C2 darajada bilishidan oʻquvchiga hech qanday naf yoʻq. Tilni B2 darajada biladigan oʻqituvchi ham, metodikani yaxshi bilsa, darsni oʻquvchi uchun foydali va qiziqarli tarzda tashkil qila oladi. Shunday ekan, ishga kirishda B2 talab (bu talab maktabda dars bera olish uchun yetarli) qoʻyilayotgan joyda oʻqituvchiga yana tilni (yaʼni oʻzi dars beradigan fanni bilgani uchun) ustama toʻlash - mantiqsizlik. Bu haqida oldin ham fikrimni bildirganman.

Ikkinchidan.

"Нега икки марта харажат қилади? Қилмасин, бир марта С1 олсин, олди қочди пулга сотиладиган сертификат олмасдан".

Yaʼni, tushunishimcha, vazirlik metodika boʻyicha sertifikatlarni - xususan, Cambridge beradigan sertifikatlarni ham - "oldi qochdi, pulga olinadigan sertifikatlar" deb hisoblaydi. Shuning uchun "ularga ishonmaymiz, til sertifikatlariga ishonamiz" demoqda.

Maʼzur tutgaysiz, shu oʻrinda qoʻshimcha savol tugʻiladi. Modomiki Kembrij "oldi qochdi pulga olinadigan sertifikatlar" beradigan tashkilot boʻlsa (eʼtibor bering: bu mening fikrim emas, vazirlik rasmiylari izohidan shunday xulosa kelib chiqadi!), unda nega Prezident maktablari kirish imtihonlarini bu tashkilotga ishonib topshiryapmiz, bu imtihonlar uchun soliq toʻlovchilar hisobidan xorijiy valyutada falon pul toʻlayapmiz? A, labbay?
BBC Oʻzbek xizmatining mana bu xabarini oʻqib, Oʻzbekiston SSR davlat madhiyasidagi birinchi satrlar esga tushdi. Putin haqida izoh yozganlar bilan shugʻullanish haqida buyruq berganlar va bu buyruqni bajarganlar oʻzlarini OʻzSSRda deb oʻylashaptimi, yoki vazirlik Rossiya Federatsiyasi yurisdiksiyasiga oʻtdi-yu, biz bilmay qoldikmi?

Men, masalan, Putinni xalqaro darajadagi jinoyatda gumonlanuvchi shaxs deb hisoblayman va bunday hisoblash uchun asosim bor. IIV bu postim uchun meni ham "suhbat"ga chaqiradimi?
Darvoqe. Rossiya Oʻzbekistonda nafaqat "kichik quvvatli", balki katta AES ham qurmoqchi.

Росатом не снимает вопрос о строительстве в Узбекистане атомной станции большой мощности. Об этом заявил генеральный директор госкорпорации Алексей Лихачев в эфире телеканала "Россия-1".

"Мы не снимаем вопрос с повестки дня и о [строительстве] большой станции, которая в целом будет 2,5 гигаватта", - сказал он.
"OAVni yanada erkin qilish borasida katta rejalarimiz bor!"

Jurnalist Anora Sodiqova yozganidek, so‘z erkinligini hukumat vakili rivojlantiraman va erkinlashtiraman, deyishi - yaxshilikdan darak emas. "Axborot siyosatiga mas'ul" davlat amaldori (o'zi bu lavozimning vazifalari nima? OAVlar kuratori? senzori? boshqa?) "OAVni yanada erkin qilish borasida katta rejalari bor"ligini e'lon qilishi - menda, negadir, o'zi shundoq ham so'z erkinligi abgor holatda bo'lgan O'zbekistonda mustaqil OAVlarning ertasi uchun katta xavotirlar uyg'otadi.
"Taraqqiyot strategiyasi" markazi o'zining "Kelajakka sarmoya: maktab ta'limi sifatining mamlakat taraqqiyotiga ta'siri" nomli hisobotini e'lon qildi. Unda ta'lim sohasidagi mavjud muammolar va maktab ta’limi sifatini oshirish bo‘yicha tavsiyalar keltirilgan. Hisobotda muhim masalalar ko'tarilgan, lekin tavsiyalar mantiqan tugallanmagandek (yoki "A"sini aytgandan keyin, "B"sini aytishga istihola qilingandek) taassurot qoldiradi.

Xususan, hisobot mualliflari mavjud muammolar qatorida o'quv materiallari sifatini ham keltirishgan. "Tarixiy yoki geografik ob’ektlarning noto‘g‘ri joylashuvi kabi darsliklardagi xatolar ta’lim samaradorligini sezilarli darajada pasaytirishi mumkin. Masalan, 3-sinf o‘quvchilari uchun o‘qish savodxonligi darsligida Ichan-Qal’aning Buxoroda joylashgan deb ko‘rsatib o‘tilganligi o‘quvchilarni chalg‘itishi, o‘z mamlakati tarixi va geografiyasi haqidagi tushunchalarini buzishi mumkin", deyiladi hisobotda. Muammoning yechimi sifatida maktab darsliklari sifatini nazorat qilish standartlarini kuchaytirish tavsiya qilingan.

Yaxshi. Lekin hisobot mualliflari misol sifatida keltirgan xatolik - "Novda"ning bu yil shoshilinch ravishda joriy qilingan boshlang'ich sinf darsliklaridagi muammolar faqat texnik (orfografik, punktuatsion) va faktik xatoliklar bo'lsa, bir navi edi. Muammo chuqurroq - berilayotgan kontentning o'quvchi yoshiga mos emasligi, mavzular o'rtasida uzviylikning yo'qligi va eng muhimi - darsliklarning qaysi o'quv dasturi asosida yozilganligining mavhumligi. Ya'ni, o'quvchilarda bu darsliklar asosida tahsil olish natijasida qanday ko'nikmalar shakllantirilishi maqsad qilingan - haligacha noaniq. Vaholanki, o'quv materialining (darslikning) tasdiqlangan ta'limiy maqsadlarga (standartlar, o'quv dasturlariga) mos bo'lishi - ta'lim sifatini ta'minlashning muhim shartidir.

Markaz, shuningdek, darsliklarni tayyorlash va chop etishning barcha bosqichlarida korrupsiyaga qarshi kurashish va shaffoflikni ta’minlash choralari ko‘rilishi lozimligini ta'kidlagan. Lekin "Novda" darsliklarini tasdiqlash va joriy qilishda Ta'limni rivojlantirish markazining ishtirokini hisobga olsak, ehtimoliy manfaatlar to'qnashuvi haqida na shu paytgacha izoh berildi, na chora ko'rildi.

Eng muhimi - hisobotni PISAdagi natijalar bilan boshlagan markaz PISAda yuqori natijalarga erishgan davlatlarda darsliklar tanlovi borligi haqida indamagan. Darsliklar siyosati erkinroq, tanlov bor davlatlarning PISAdagi natijalari yuqoriroq ekanligining haqida ham, UNICEF tavsiyalari haqida ham indalmagan. Albatta, bular haqida gapirish - darsliklardagi xatolardan-da kattaroq ko'lamdagi muammolarni va bu muammoning sabab(chi)larini eslatishni ham taqozo qilardi.
"Davlat puli" degan tushuncha yoʻq, soliq toʻlovchilar puli bor. Va davlat soliq toʻlovchilar pulini ular oldidagi majburiyatlarini taʼminlash uchun sarflashi shart. Bu - soliq toʻlovchilar (xalq) va davlat oʻrtasidagi ijtimoiy kelishuvdir. Adliya vazirligi xodimi shu narsani tushunmasa, boshqalardan nimani kutish mumkin?
"Turizmni rivojlantirish" deymiz. Oʻzimiz uchun oʻzimiz toʻqigan miflarni yigʻishtirib, real oʻylasak, Oʻzbekiston - turistlar uchun jozibador mamlakat emas:

1. Tarixiy obidalarimizdan boshqa turistga koʻrsatadigan narsalarimiz yoʻq hisobi. Va turistlarni jalb qilishi mumkin boʻlgan tarixiy obidalarimiz joylashgan shaharlarda (Samarqand, Buxoro, masalan) hayot "oʻlik" - tarixiy obidalar koʻrishdan boshqa qiladigan ish yoʻq. Na madaniy hayot, na tungi hayot, na qoʻyniga tortadigan tabiat, na autentik anʼanalar (har xil "pompez" festivallar emas). Shunday ekan, turist kelsa ham uzoq turmaydi - bir kun Samarqand, bir kun Buxoro, bir kun Xiva. Nari borsa yana bir-ikki kun biron joyga borar. Boʻldi. Shu bilan ketadi va katta ehtimol bilan, qaytib kelmaydi. Turizmni bunday rivojlantirib boʻlmaydi - turist uzoqroq qolishni, qaytib kelishni istashi kerak.

2. Tarixiy obidalarimiz - masjid va madrasalarimiz ham deyarli bir xil uslubda. Bu uslubdan farq qiladigan tarixiy inshootlarni (masalan, islomdan oldingi, chor Rossiyasi yoki sovet davrlari arxitekturasini) oʻzimiz izchil yoʻq qildik va qilyapmiz. Oʻsha saqlanib qolgan yodgorliklarimiz atrofidagi autentik muhit (mahallalar va hokazo) allaqachon yoʻq qilingan - yodgorliklar oʻzi uchun sunʼiy muhitda "qaqqayib" turibdi (yaqqol misol - Shahrisabz: oʻzim bir marta borib, qaytib bormaydigan boʻlganman). Har xil "boqiy birbalo" deb atalmish sunʼiy butaforiyalar esa turistga qiziq emas.

3. Shaharlar oʻrtasida harakatlanish qiyin. "Afrosiyob" deganlariga hech qachon bilet yoʻq, shaharlararo parvozlarga ham bilet topish muammo (va bu parvozlar soni juda kam), "oddiy" poyezdlar bilan yoki koʻchadagi kirakashlar bilan bir shahardan ikkinchisiga borish esa qimmatli vaqt va asabni oʻldirish degani.

4. Maqtanadigan "ekoturizmbop" joylarimiz (masalan, Chorvoq taraflar) ham muammo: ishonchli transport qatnovi yoʻq, yoʻllardagi chuqurlar aviabombalar bilan muttasil bombardimon qilinish natijasiga oʻxshaydi, bir amallab yetib borgandan keyin esa dam olish naq besh yulduzli "all inclusive" kurortlardan ham qimmat. (Baraka topgurlar, "chet ellik" degani - albatta boy-badavlat degani emas, bizga boy-badavlati kelmaydi, kamxarji keladi, lekin bu narxlar va narxlarga nomutanosib sharoitlar bilan kelganiga pushaymon boʻladi).

5. Turistlarni bironta firma guruh-guruh qilib olib yurmasa, ular mustaqil harakatlana olmaydi. Tasavvur qiling: rus tilini bilmaydigan turist mustaqil ravishda Samarqanddan Buxoroga bormoqchi. Unga sharoit bormi? Yoʻq.

6. Turist uchun qulay sezonimiz qisqa: qishimiz ham, yozimiz ham har jihatdan anomal. Va anomal chinovniklarimiz yozni ham, qishni ham yanada anomal qilishga harakat qilishadi - yaqinda ularning saʼy-harakatlari bilan Oʻzbekiston yil-oʻn ikki oy anomal joyga aylanadi.

Umuman olganda, oldin "turist" uchun emas, "oʻzuvuzani qorakoʻzlar" Oʻzbekiston ichida ish bilan, dam olish uchun, oʻqish uchun harakatlanishiga normal sharoitlar yaratish kerak. "Inson qadri"ni har qadamda his qiladigan sharoitlar. Shundan keyingina turistlarni chorlash haqida oʻylasa ham boʻladi. Oddiy sharoitlar yoʻq joyda vizasiz rejimlar, har xil kengashlar, "koloritli" bozorlar - hammasi befoyda.
Umuman olganda, bir narsa: oʻzimiz uchun oʻzimiz toʻqigan miflarimiz juda koʻp.

"Tariximiz buyuk" deymiz, lekin hech qaysi millatdan ustun ham, kam ham emasmiz. (Umuman olganda, har qanday millat tarixida "buyuk" yonli "shonli" deyishga arzirli sahifalar yetarlicha topiladi).

"Ajdodlarimiz buyuk" deymiz, lekin oʻsha gap - har qanday millat tarixida bunday ajdodlar bor. Va oʻsha buyuk ajdodlarimizning ham aksar hollarda buyuk ishlarini bu zaminda emas, boshqa joyda qilishgan.

"Adabiyotimiz buyuk" deymiz, lekin xorijda tor doiradagi mutaxassislardan boshqasi uchun unchalik ham qiziq emas. (Masalan, xorijiy davlatlarning men koʻrgan adabiyot darsliklarida Rumiylar, Firdavsiylar, Chexovlar bor, Afrika xalqlarining biz umrimizda eshitmagan adiblari bor, lekin bizning adabiyotimizdan bironta vakil yoʻq - hatto Navoiy ham).

Bir paytlar - endi "qora tush" va "eski Oʻzbekiston" deb atalayotgan zamonlar - "kelajagimiz buyuk" derdik, lekin bugunga kelib koʻrdikki, bular hammasi quruq gap ekan. Jarga qulab boʻlgan taʼlim, tibbiyot, iqtisodiyot bilan "buyuk kelajak" qurib boʻlmaydi - bunga shubha qilsangiz, "green card" oʻynaydigan yoki turli yoʻllar bilan "surish"ga harakat qilayotganlar soniga boqing.

Xullas, "buyuk" deb koʻkrakka uradigan narsalarimizdan pichoqqa ilinadigan nima qoldi?
Xabar berishlaricha, "maʼmuriy islohotlar" deb atalgan jarayondan 1 yilcha vaqt oʻtib, bu jarayonda "qurbon" qilingan Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi vakolatlarini DTM - Bilimlarni baholash agentligiga berish va "Taʼlimni baholash agentligi"ni tashkil qilish haqidagi qaror baribir qabul qilinadi. Bu boʻyicha tegishli topshiriq berilgan. Qaror loyihasi jamoatchilik loyihasiga qoʻyiladimi yoki yoʻq - maʼlum emas. Lekin loyihaning men koʻrgan variantidagi mantiqsizliklar haqida oldin yozgan edim.

Umuman, biz bir xatoni qayta-qayta qilaverishga moyilmiz shekilli. Oʻzi oldingi DTM juda koʻp "super funksiya"larni oʻzida jamlagan tashkilot ekanligi bir xato edi, keyin test oʻtkazish va taʼlim sifatini baholash - mutlaqo boshqa-boshqa jarayonlar ekanini anglab, Inspeksiyani tashkil qilishdi. "Maʼmuriy islohotlar" deya nom berilgan qoʻshish-koʻpaytirish-boʻlish jarayonida aynan Inspeksiyaning yopilishi esa keyingi xato edi. Mana endi, oldingi, "super" funksiyalarga ega "Frankenshteyn" DTMni yangi nomda qaytarib, xatoni yana takrorlaymiz. Toʻgʻri-da, bu xatolarning badali va qiymatini "tepa"da oʻtirib qarorlar qabul qilayotgan chinovniklarimiz toʻlamaydi-ku, siz va biz toʻlaymiz, ularga nima?
Yana bitta 404 boʻlgan maqola. Bu safar Daryo.uz da.

"OAVni yanada erkin qilish" boʻyicha katta rejalar bormidi?
Forwarded from Ilyos Safarov
Tarmoqlarda AESning ijobiy jihatlari ko'rsatilgan va O'zbekistonda go'yo bundan boshqa yo'l yo'q, shuningdek, IES zarar, quyosh hamda shamol energiyasini olish qimmat mazmunida tayyorlangan materillar ko'payib qoldi. Kayfiyat yaratishmoqchi...

Xo'p,

balki O'zbekistonning yillar davomida yechim topmay kelayotgan energiya muammolariga maqbul yechim chindan AES qurilishidir.

Balki hozir texnologiyalar, Rossiya texnologiyalari shunchalik rivojlanib ketgandir-u, biz xavotir bildirayotgan xavflar bugun unchalik real emasdir.

Balki O'zbekistonda AES qurish borasida Rossiya bilan ishonish qiyin bo'lsa-da, iqtisodiy jihatdan maqbul loyiha imzolangandir.

Balki shunday katta qurilishning, masalan, qo'shni Qozog'istondan farqli biror tanlovsiz, raqobatsiz Rossiyaga berilishida ham mantiq topilib qolar.

Balki hukumatda AESning reaktiv chiqindilari muammosiga oqilona yechim bordir. Xavfi katta reaktiv chiqindilar xavfsiz ko'milib va ular to yo'q bo'lib ketguncha ishonchli saqlanadigan chuqurlar tayyor qilingandir. O'sha chuqurlardan reaktiv chiqindilarning masalan, biror ariqqa sizib chiqib xavfi "nol"ga tengdir.

Balki yillar davomida xorijdagi yirik AESda ishlab yurgan qandaydir qimmatli kadrlar ham topilaqolgandir. Ya'ni AESni qaysi kadrlarimiz boshqarishi borasidagi xavotirlarimiz o'rinsizdir.

Balki qurilishi tezlashgan tarzda, shu yil yozdayoq boshlanadigan AESning mamlakat va qo'shni Qozog'iston ekotizimiga xavfi ekofaollar bong urayotgani kabi unchalik katta bo'lmas. Ekofaollar tushunmas hech nimani.

Balki AES qurilishi uchun bitmas-tuganmas suv zaxiramiz ham topila qolgandir. Tuzkon ko'llar tizimida tinimsiz pasayib borayotgan suv sathi shu yozdan boshlab ko'tarila boshlar ham.

Balki chindan AES ko'mirda ishlaydigan boshqa energostansiyalardan ko'ra foydaliroqdir.

Ammo

mana shu barcha jihatlarga aniqlik kiritilishi, isbotlanishi, odamlarda ishonch uyg'otilishi uchun ham masala jamiyat miqyosida keng muhokama qilinishi kerak. Bunda fikrlar, tahlillar qo'rquvdan yiroq, erkin bildirilishi kerak. Bunda ovozlarga to'siq qo'yilmasligi lozim.

Haqiqatga tomon muhokamalarda boriladi. Haqiqatga tortishuv, bahslarda yetiladi.
Bo'lib ham shunday katta, mamlakat uchun ahamiyatli va Xudo ko'rsatmasin, biror falokat ro'y bersa, oqibati barchaga teng bo'linadigan masalada.

Bugun faollar AES masalasida jim qilinganini sezgandirsiz. O'rtoqlar, bu endi haqiqatga tomon borish emas. Bu – haqiqatdan adashish. Bilib qo'ying, erkin muhokamalarsiz siz taqdim qilayotgan katta haqiqatlar ham shubhali bo'lib qolaveradi.

Marhamat, erkin muhokamalarga o'rin bering va isbotlang argumentlaringizni.

@haqiqatdaIlyos
Jurnalist Ilyos Safarovning yuqorida ulashilgan postiga shaxsiy P.S.

HBOning mashhur "Chernobil" serialining ko'rganmisiz? Undagi asosiy (har qalay, men olgan asosiy) mujda: yolg'onga tayanadigan tizimda xatolarning oldini olish qiyin va ular katta halokatga yetaklashi mumkin.

Men O'zbekiston fuqarosi sifatida AES qurilishiga ikki jihatdan qarshiman:

1. Tizim yolg'onga asoslangani uchun.

2. AESni Rossiya qurishiga kelishilgani uchun.
Jurnalist Shuhrat Latipov ham Oʻzbekiston sharoitida Rossiya tomonidan AES qurilishining ijobiy va salbiy tomonlarini tahlil qilib, oʻz fikrini bildirdi:

... опасений у меня пока гораздо больше, чем потенциальных плюсов. Поэтому я против строительства АЭС в Узбекистане.
“O‘rnatilgan quvvati 330 MVt bo‘lgan oltita RITM-200N reaktor bloki negizida kam quvvatli atom elektr stansiyasini qurish loyihasining qiymati maxfiy ma’lumotlar bo‘lib, oshkor etish shart emas”, — deyiladi agentlik xabarida.

Iye, qiziq-ku. Atom energiyasi agentligi rahbariyati AESni shaxsiy tomorqasiga, shaxsiy pulidan, shaxsiy ehtiyojlari uchun quryaptimi? Yoki bu AES qurilishi pulini biz - soliq toʻlovchilar (yaʼni xalq) toʻlaymizmi? Xalq toʻlaydigan boʻlsa, nimani necha pulga sotib olayotganini bilishga haqli emasmi?

Qolaversa, oʻtgan yili "meniki seniki" qilib qabul qilingan Konstitutsiyaning 2- va 7-moddalarini nima qilamiz?

"Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar". (Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, 2-modda).

"Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir". (Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, 7-modda)
Albatta, Bakiroo haq - katta qopqoqning kichik tuzogʻiga tushmaslik, masalani "muammo faqat narxda, qiymatda" degan oʻzanga burilishiga yoʻl qoʻymaslik kerak.

Yuqoridagi postim bilan men shunchaki Agentlik rahbariyatiga oʻtgan yili asʼasa-yu dabdaba bilan yangilangan Konstitutsiyani, shu Konstitutsiya boʻyicha u ham, u boshqarayotgan agentlik ham xalq oldida hisobdor ekanini va uning OAV orqali bildirilgan pozitsiyasi Konstitutsiyaga zidligini eslatmoqchi edim, xolos. Lekin yuqoridagi postimdan "muammo faqat qiymatda" degan fikr chiqmasligi kerak. Aslo. Men Oʻzbekiston fuqarosi, ayrimlardan farqli ravishda "zapas aerodromi" yoʻq, oʻzining va farzandlarining kelajagini shu zamin bilan bogʻlaydigan fuqarosi sifatida aynan Oʻzbekiston hududida va aynan Rossiya tomonidan AES qurilishiga qarshiman. Ikkita prinsipial sabab yuqorida keltirilgan.

Darvoqe. Oʻsha oʻtgan yili yangilangan Konstitutsiyaning 7-moddasi boʻyicha, "jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari xalq muhokamasiga taqdim etiladi, umumxalq ovoziga — referendumga qo‘yiladi". Demakki, bunday oʻta jiddiy masala boʻyicha qandaydir kelishuvlar imzolanishi va majburiyatlar zimmaga olinishidan oldin referendumga qoʻyilishi lozim edi.
Aksar hollarda, ilmiy ish qilayotganda ilmiy ish doirasida tahlilga tortiladigan jarayonlar yuzasidan fikr bildirishga yoki tajriba-sinovda qatnashishga rozi respondentlarni topish qiyin bo'ladi. Lekin bir narsa - ijtimoiy jarayonlarni shu jarayonlar ishtirokchilarisiz tahlil qilish imkonsiz vazifa.

Mazkur so'rovnomani to'ldirishga ozgina vaqtni qizg'anmasangiz, pedagogika sohasidagi gender tengli bo'yicha kichik tadqiqot olib borayotgan talabaga katta yordam bergan bo'lardingiz.
HTML Embed Code:
2024/06/08 01:14:07
Back to Top